TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Prezident Erdo‘g‘an: Livandagi otashkesimdan mamnunmiz
Prezident Erdo‘g‘an: «Bugun ertalab Isroil bilan Livan orasida kuchga kirgan otashkesim kelishuvidan mamnunmiz. Maydonda tinchlikning saqlanishi uchun barcha tomonlar, ayniqsa Isroil, o‘z javobgarchiliklarini to‘liq bajarishi kerak degan fikrdamiz».
Prezident Erdo‘g‘an: Livandagi otashkesimdan mamnunmiz
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻan
19 феврал 2025

Prezident - Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi Rejep Tayyip Erdo‘g‘an, partiyasining Turkiya Buyuk Millat Majlisidagi yig‘ilishida nutq so‘zlari va unda quyidagi ifodalarga o‘rin berdi:

Sizlar ham yaqindan kuzatayotganingizdek dunyo yangi va chuqur o‘zgarishlar oldida turibdi va bu jarayonning og‘riqlarini boshdan kechirmoqda. Xuddi shunga o‘xshab hududimizning shimoli bilan janubi ham urushlar, to‘qnashuvlar, qatliomlar va zulmlar girdobida olov bo‘lib yonayotgandek. Shunday bir davrda, Jumhur ittifoqi sifatida tarixiy mas’uliyatlar ostonasidamiz. Biz Turkiyaning siyosiy va iqtisodiy barqarorligini saqlab qolish, ijtimoiy tinchligini mustahkamlash va maqsadlarimiz sari shaxdam qadam tashlash uchun kurashyapmiz.

Xalqimizga, ularni birlashtiruvchi siyosat bilan xizmat qilmoqdamiz.

Aslida olib qaraganda bu holat faqatgina Adolat va taraqqiyot partiyasi va Jumhur ittifoqi bilan cheklanib qolmaydigan darajada muhimdir. Siyosat olamining qayerida bo‘lishidan qay’iy nazar o‘zini bu yurt va xalq oldida mas’uliyatli deb bilgan har bir insonning bu kurashni qo‘llab - quvvatlashi, unga hissa qo‘shishi va hech bo‘lmaganda ziyon yetkazuvchi muxolifatdan qochishi zarur. Gap vatan, xalq va davlat haqida ketar ekan unda qolgan hamma narsa bekordir. Dunyoning ko‘plab joylarida milliy masalalarda hokimiyat bilan muxolifat bir – birini ajratmay umumiy bir pozitsiya namoyon etishi hammamizga ma’lum. Shaxsan biz ham yarim asrga yaqinlashgan siyosiy faoliyatimiz davomida har doim shunday qildik yoki shu yo‘lni tanladik. Boshqacha qilib aytganda xalq va vatan uchun muxolifat bilan bir xil pozitsiyada bo‘ldik. Ajratuvchi emas, birlashtiruvchi, qarama - qarshilikni kuchaytiruvchi emas, jamiyatning barcha qatlamlarini umumiy qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi siyosat bilan mamlakatimizga xizmat qilishga intildik.

Muxolifatdan har doim bunday munosabatni ko‘ra olmasak ham birodarlik siyosatimizdan, asar va xizmat siyosatimizdan voz kechmadik. 2001 - yilning 14 - avgustidan beri Yunus Emre kabi:

«Men kelmadim da’viy uchun,

Mening ishim sevgi uchun.

Do‘stning uyi ko‘ngillardir.

Ko‘ngillar topmoqqa keldim». - deymiz.

Faqatgina vatan tuprog‘ida emas, balki mintaqamizdan boshlab butun dunyoda tinchlik, osoyishtalik, adolat va hamkorlik ruhining hukmron bo‘lishi uchun tunu kun harakat qilmoqdamiz. Turkiya global siyosatning asosiy markazlaridan biri bo‘lish rolini kundan - kunga kuchaytirmoqda. Minginchi kunini ortda qoldirgan Rossiya - Ukraina urushi va 14 - oyiga yetgan G‘azo genotsidi hamda mintaqamizdagi barcha inqirozlarni hal qilish uchun hormay – tolmay mehnat qilyapmiz. Isroil va Livan o‘rtasida bugun ertalabdan kuchga kirgan sulh kelishuvini mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Maydonda tinchlikni saqlash borasida barcha tomonlardan, ayniqsa Isroildan, o‘z mas’uliyatlarini to‘liq bajarishini kutamiz. G‘azodagi qatliom to‘xtashi va butunlay tinchlik o‘rnaishi uchun Turkiya sifatida har jihatdan hissa qo‘shishga tayyor ekanimizni ifoda etaman.

G‘oyamiz xalq, maqsadimiz buyuk Turkiyadir!

Biz barcha bu diplomatik harakatlarni siyosiy kimligimiz bilan emas, eng avvalo bu mamlakat bilan xalqning bir a’zosi sifatida amalga oshirmoqdamiz. Aziz xalqimizning a’zosi bo‘lishdan har doim faxrlanaman. Shu bois ham xalqimizga a’lo darajada xizmat qilishni istayman. Mazlum va jabrdiydalarning umidiga aylangan Turkiya Respublikasini har sohada rivojlantirish, kuchli, farovon, obro‘li va muvaffaqiyatli mamlakatga aylantirish payidamiz. G‘oyamiz xalq,  maqsadimiz buyuk Turkiyadir! Turkiya asrini qurishning haqli g‘ururi va hayajoni ichidamiz. Va’da berdik, ahd qildik. Mustahkam ishonch bilan maqsadimiz sari intildik. Ollohning inoyati va xalqmizning qo‘llab - quvvatlashi bilan «Turkiya asri» deb nomlangan loyihamizni albatta yo‘lga qo‘yamiz.

 

TRT Global'ni nazar soling. Fikringizni bildiring!
Contact us